Bosh sahifaSalomatlikTeri burmalari, immunitet pasayishi, depressiya: vazn yoʻqotganda organizmda qanday oʻzgarishlar kuzatiladi?

Teri burmalari, immunitet pasayishi, depressiya: vazn yoʻqotganda organizmda qanday oʻzgarishlar kuzatiladi?


Hatto eng yaxshi parhezning ham kutilmagan taʼsiri sezilishi ehtimoldan holi emas. Diyetologdan vazn yoʻqotish vaqtida eng koʻp uchraydigan “nojoʻya taʼsirlar” xususida gapirib berishini va ulardan qanday xalos boʻlish yoʻllari haqida maslahatlari bilan oʻrtoqlashishini soʻradik, deb yozadi Marie Claire nashri.

Teri burmalari

Maʼlum vazn yoʻqotishdan soʻng terida burmalar hosil boʻlishi har qanday parhezning noxush oqibatlaridan biridir. Albatta, biz ikki yoki uch kilogramm yoʻqotish haqida gapirmayapmiz: bu holda siz kosmetolog tavsiyasi bilan terining elastikligini oshiradigan maxsus yogʻlar, kremlar yordamida buni bartaraf etishingiz mumkin. Ammo XXXL oʻlchamidan eng kichik S oʻlchamiga oʻtish haqida gap ketganda, nihoyatda ehtiyotkor boʻlishingiz muhim. Vazn yoʻqotishda shoshma-shosharlik yaramaydi, bunda teri reaksiya qilishga ulgurmaydi, shu bois asta-sekin oz-ozdan ozish eng toʻgʻri yoʻldir. Semizlikdan soʻng terining osilib qolgan burma qismlaridan xalos boʻlishning yagona usuli — bu jarrohlik amaliyotidir. Ayniqsa, chekuvchilar, keksalar shunga oʻxshash muammoga moyil boʻladi.

Foto: Marie Claire

Diyetolog sharhi: Ozish paytida terining yaxshi holatini saqlab qolishga yordam beradigan birinchi qoida vaznni bosqichma-bosqich yoʻqotish. Shunda terining moslashishi va qisqarishi osonroq kechadi. Optimal vazn yoʻqotish oyiga 4 kilogramm. Agar gap haddan ortiq semizlik haqida ketganida ozishning birinchi oyda vazn yoʻqotishning kilogrammi koʻproq 6-7 kilogramm boʻlishi mumkin. Ammo, bu paytda yogʻ toʻqimalari emas, asosan suv hisobiga ozadi. Kelgusida vazn yoʻqotishning bir tekis ritmiga rioya qilish lozim.

Ozish jarayonida teri qisqarishini faollashtiradigan muolajalarni bajarish foydalidir. Muolaja yosh va terining holatiga qarab individual ravishda tanlanadi. Shifokorlar koʻpincha radio toʻlqinli yoki infraqizil lazer apparati muolajalarini tavsiya qiladi. Yuqoridagilarning barchasi 2-3 oylik kurslarda amalga oshiriladi. Ozish chogʻida massaj muolajasi teri osilishining oldini olishda samarali usuldir. Bu maxsus asbob-uskunalar texnikasi bilan birgalikda tavsiya etilishi mumkin — bu yondashuv ham juda yaxshi natija beradi. Uqalash amaliyoti organizmda drenaj jarayonini kuchaytiradi, murakkabroq yogʻlarning parchalanishidan keyin hosil boʻlgan yogʻ kislotalarining tanadan chiqarilishini tezlashtiradi.

Vazn yoʻqotishda duch kelish ehtimoli boʻlgan yana bir muammo — bu terida choʻziq-choʻziq chiziqlarning paydo boʻlishidir. Bu sizda shakllanishi yoki shakllanmasligi, avvalo, genetikaga bogʻliq, ammo buning oldini olish uchun terini parvarish qilish tavsiya etiladi. Elastik, yetarlicha namlangan teri choʻzilish bilan samarali kurashadi, bu esa choʻziq chiziqlarning paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi. Terida chiziqlarining oldini olish uchun qon aylanishini yaxshilaydigan barcha muolajalar foydalidir: piling, qattiq mato bilan massaj qilish va issiq-sovuq suvda (kontrast) dush qabul qilish.

Yangi teri hujayralarining shakllanishi uchun tanaga tarkibiy elementlar zarur. Birinchi navbatda, oqsillar va omega-3 yogʻ kislotalari (ularning eng yaxshi manbai baliq yoki yogʻsiz parranda goʻshti). Shuning uchun parhez davomida terining jozibasini saqlab qolish uchun muvozanatlashtirilgan ovqatlanishning asosiy qoidalariga rioya qiling!

Tushkunlik

Parhezga hamroh boʻlgan eng keng tarqalgan kasallik. Oʻzimiz bilib isteʼmol qilayotgan uglevodlar haqida emas, yakunda kayfiyatga taʼsir koʻrsatadigan omillar xususida soʻz yuritamiz. Britaniyalik olimlar tomonidan olib borilgan “PLOS One” jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra, toʻrt yoki undan ortiq yillar davomida parhez tutadigan kishilar, sikllar bilan vazn yoʻqotadiganlarga qaraganda koʻproq depressiyaga moyil boʻladilar. Odamlar bu vaqt ichida diyetani oʻz-oʻzidan maqsad sifatida qabul qila boshlaydilar va yakuniy natijaga erishib boʻlgach, keyin nima qilishni bilmay qoladilar.

Foto: “Yandex”

Diyetolog sharhi: Ortiqcha vazndan xalos boʻlish uchun maʼlum bir parhez qoidasiga, uning cheklovlariga amal qilish shart boʻladi. Sevimli oziq-ovqatlar isteʼmolini uzoq vaqt mobaynida cheklash ham kayfiyatdagi tushkunlikka olib keladi. Bunday hollarda, psixoterapevtik taʼsir choralar ham vazn yoʻqotish bilan uzviy bogʻliq boʻlishi kerak: avtotrening, meditatsiya, toʻgʻri nafas olish texnikasi, vizualizatsiya va hokazo. Shu bilan birga zavqlanish doirasini kengaytirish kerak, bunda tanaga (SPA-terini parvarish qilish, massaj, saunalar, jismoniy faoliyat), ruhiyatga (oʻz-oʻzini rivojlantirish, teatr va koʻrgazmalarga borish, kitob oʻqish va boshqalar) ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi odatlarni bajarish kiradi.

Aksar hollarda vazn tashlash paytida depressiya bilan bogʻliq boʻlgan ikkinchi jihat — bu mikro va makroelementlarning tanqisligi. Xususan, gormonlar (serotonin va dofamin), shuningdek, asab tizimining meʼyorda ishlashi uchun zarur boʻlgan moddalar (bular omega-3 yogʻ kislotalari va turli vitaminlar, masalan, D vitamini va B guruhi vitaminlari, magniy, selen, xrom) sintez uchun masʼul vitaminlarning yetishmasligi kutilmagan depressiyaga sabab boʻladi. Shu bois tibbiy tekshiruvlardan soʻng ozish jarayonida depressiya rivojlanishining oldini olish uchun kompleks preparatlar buyuriladi.

Mushaklar yoʻqolishi

Tez fursatda vazn tashlashni xush koʻradiganlar bir necha kun ichida kuchli cheklovlarga amal qilishiga toʻgʻri keladi. Yodda tuting, bu yoʻsinda ozish uzoq muddatli natijaga olib kelmaydi. Tashlangan vazn kilogrammlari odatdagi ovqatlanish tarziga oʻtgach, birinchi kunlardayoq qaytib keladi. Qolaversa, bunday ozish yoʻlining soʻnggida sizni teri burmalari, sekinlashgan metabolizm kabi noxush natijalar kutib turadi. Yoʻqotilgan har bir kilogramm mushaklarda metabolizm jarayonini 10 foizga sekinlashtiradi. Bu shuni anglatadiki, oziq-ovqat tanada yaxshi soʻrilmaydi, u yogʻ shaklida toʻplana boshlaydi.

Foto: “Yandex”

Diyetolog sharhi: Vazn yoʻqotish paytida mushak toʻqimalarini saqlab qolish uchun oqsillar, yogʻlar va uglevodlar muvozanatini rioya qilish, haddan ortiq kuchli cheklovlardan voz kechish talab etiladi. Yaʼni kaloriya miqdori kuniga taxminan 1000 kkaldan past boʻlgan diyetalarni qabul qilmang. Kundalik umumiy energiya isteʼmolini 500 kkaldan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirib boring. Shunda siz oyiga oʻrtacha 3-4 kilogramm vazn tashlaysiz va oqsil-yogʻ-uglevodlar nisbati, hatto, vazn yoʻqotgan taqdirda ham bir xil boʻlib qoladi. Kaloriya miqdori qisqarishi hisobiga: Proteinlar — yoshga qarab 20-30 foiz (ular toʻyinganlik hissini beradi, protein hujayralar yangilanishida muhim rol oʻynaydigan ferment va gormonlar uchun asosiy ozuqadir), yogʻlar ─ 20-30 foiz (2/3 — baliq va oʻsimliklarda, 1/3 — sut va sut mahsulotlari, goʻsht va parranda goʻshtida mavjud), uglevodlar — 40-60 foiz (ularning 15 foizdan koʻp boʻlmagan miqdori ─ oddiy uglevodlardir, qolganlari murakkab uglevodlar, asosan kletchatkaga boy mahsulotlar tarkibida boʻladi). Taomnomadan shakar, oliy navli un hamda transyogʻlarni butunlay chiqarib tashlash zarur.

Immunitetning pasayishi

Tez-tez shamollash, surunkali charchoq, holsizlik, bosh ogʻrigʻi, buyrak usti bezlari bilan bogʻliq muammolar vazn yoʻqotishda yuzaga chiqadigan noxush holatlardir. Sietl saraton kasalliklari markazi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, sezilarli darajada vazn yoʻqotgan va bunday vazn tashlash jarayonini hayotida besh martadan koʻproq takrorlagan kishilarning immuniteti oʻz vaznini doimo nazorat ostida ushlab turadiganlarga qaraganda ikki baravar zaifdir.

Foto: Marie Claire

Diyetolog sharhi: Ortiqcha vazndan xalos boʻlish jarayonida immunitet pasayishining sabablari bir nechta boʻlishi mumkin. Bu muvozanatlashtirilmagan ovqatlanish (organizmda immunitet hujayralarining sintezi uchun qayta tiklovchi moddalarning yetarli emasligi), vitaminlar va mikroelementlar tanqisligi (ularning koʻpchiligi immunoglobulinlar va antitelolar shakllanishida ishtirok etadi), isteʼmol qilinayotgan oziq-ovqatlarning organizmga foydali emasligi (bu holda immun tizimi oziq-ovqat tarkibiy qismlariga “chalgʻiydi”, oziq-ovqat resurslari patogenlar bilan kurash uchun zaiflik qiladi). Immunitet tushishining yana bir sababi — ichak mikroflorasining buzilishidir. Mikrobiota tarkibidagi nomutanosiblik, boshqa narsalar qatorida, semizlikka sabab boʻladi va ozishni qiyinlashtiradi. Buning sababini aniqlash va uni oʻz vaqtida tuzatish orqali immunitet tizimining meʼyorda ishlashini taʼminlash mumkin boʻladi.

Manba
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi?
Matnni tanlang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing
Izohlar
Izohning minimal uzunligi 50 belgidan iborat. sharhlar moderatsiya qilinadi
Hozircha izohlar yo‘q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin!