Bosh sahifaSalomatlikQandli diabet, stress va uyqusizlik: shirinlikka bo‘lgan moyillikning oshishiga nima sabab bo‘ladi?

Qandli diabet, stress va uyqusizlik: shirinlikka bo‘lgan moyillikning oshishiga nima sabab bo‘ladi?


Ba’zida shirinlik va tortlarga bo‘lgan ishtiyoq charchoqni, ba’zan esa salomatlik bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatadi, deb yozadi Lifehacker.

Foto: Pinterest

Och qolganda

Agar parhez tutishga qaror qilsangiz va ratsiondan uglevodlarni butunlay chiqarib tashlasangiz, ko‘pincha nonushtani bir chashka qahva bilan almashtirib, tushlikdan voz kechsangiz, organizm ishlashi uchun zarur bo‘lgan kaloriyalarni olmaydi. Natijada energiya to‘ldirishning eng oson yo‘li — bu tort, shokolad yoki shirinliklar iste’mol qilish bo‘ladi. Uglevodlarning ko‘pligi tufayli ortiqcha ovqatlanmaslik va vazn ortmasligi uchun sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish lozim:

  • nonushtani o‘tkazib yubormaslik;
  • yetarlicha suyuqlik ichish: erkaklar kuniga 3, ayollarga esa 2,1 litrgacha;
  • ko‘proq meva va sabzavotlar, don, yog‘siz go‘sht iste’mol qilish.
Yaqinda sport bilan shug‘ullanganda

Mashg‘ulot davomida organizm energiyani faol ravishda sarflaydi, keyin esa uni qayta tiklash yo‘llarini izlaydi. Buni olib borilgan tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Ortiqcha vaznli 171 kishi ozish uchun mashqlar bajardi. Olimlar uzoq davom etgan mashaqqatli mashg‘ulotlardan so‘ng ishtirokchilarda shirinliklarga bo‘lgan ishtiyoqning kuchayganini payqashdi. Ortiqcha zo‘riqmaslik uchun jismoniy faoliyatni diqqat bilan tanlash kerak. Mashg‘ulot uchun maxsus parhez ham tavsiya etiladi.

Sun’iy ta’m beruvchilarni iste’mol qilganda

Olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, shakarni sun’iy ta’m beuvchilar bilan almashtirishga urinish ko‘pincha shakar va yuqori kaloriyali ovqatlar iste’molini oshiradi. Buning sababi aspartam va boshqa moddalar organizmga shakar kabi ko‘p energiya bermaydi. Kerakli miqdordagi kaloriya bilan ta’minlanmaydi va shirinlik iste’mol qilish istagi yo‘qolmaydi. Buning natijasida oziq-ovqat iste’moli ortadi. Shakardan voz kechmoqchi bo‘lganlar uning o‘rnini bosuvchi moddalarga o‘tmagani yaxshiroq, shunchaki uning miqdorini ratsionda kamaytirishga harakat qilish tavsiya etiladi.

Stress vaqtida

Kichik bir guruh odamlarni o‘rgangach, tadqiqotchilar surunkali stressga duchor bo‘lganlarda shirinlik va yog‘ga boy ovqatlarga bo‘lgan ishtiyoq kuchayishini aniqladi. Bu grelin sintezi ortishi bilan bog‘liq. Grelin — oshqozon shilliq qavatining hujayralarida ishlab chiqariladigan va ishtahani rag‘batlantiradigan gormon. Buning oldini olish uchun stressni yengish usullarini topish kerak:

  • yoga;
  • meditatsiya;
  • sevimli mashg‘ulot;
  • sport;
  • nafas olish texnikasi;
  • his-tuyg‘ularni ifodalashning har qanday usuli.
Yetarlicha uxlamaganda

Agar odam yetarli darajada uxlamasa, bu stressda bo‘lgani kabi grelin darajasining oshishiga olib keladi. Shu bilan birga, leptin konsentratsiyasi pasayadi, bu esa semirish xavfini oshiradi. Uxlash qoidalariga rioya qilish kerak:

  • bir vaqtning o‘zida uxlab, uyg‘onishga odatlanish;
  • kun davomida uxlamaslik; 
  • uxlashdan yarim soat avval ovqatlanishni to‘xtatish;
  • muntazam ravishda mashq qilish;
  • tinch muhitda uxlashga yotish;
  • kechki payt gadjetlardan foydalanmaslik.
Juda qattiq charchaganda

Ba’zida shirin yoki sho‘r ovqatlarga bo‘lgan ehtiyojning kuchayishi charchoq belgisidir. Organizmda shunchaki energiyaga bo‘lmaydi va uni tezroq olish yo‘lini qidiradi. Uglevodlar esa buning eng maqbul variantidir.  Bunday vaqtda yetarlicha dam olish kerak. Aqliy va jismoniy ishlarni almashtirish tavsiya etiladi.

Chekishni tashlaganda

Inson ushbu yomon odatni tashlaganda, serotonin yoki baxt gormoni sintezi miyada o‘zgaradi, kayfiyat beqarorlashadi va hatto depressiya belgilari paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa shirinliklarga bo‘lgan ishtiyoqning kuchayishiga olib keladi. Chekishni tashlamoqchi bo‘lganlar, tegishli usulni tanlashi kerak. Ehtimol, sport va to‘g‘ri ovqatlanish kimgadir yordam berar, yana kimdir psixoterapevt bilan ishlaydi.

Qandli diabetda

Bu kasallik doimiy va kuchli ochlik hissi bilan birga kuzatiladi va ba’zi odamlarda shirinliklarga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Bu yuqori yoki past glyukoza darajasining belgisidir.

Ortiqcha ovqatlanish odati

Ba’zi insonarda ortiqcha ovqatlanish odati mavjud bo‘lib, bu borada ular o‘zini nazorat qila olmaydi. Ayniqsa ular shirinlikka bo‘lgan ishtiyoqni to‘xtata olmaydi. Natijada ortiqcha vazn paydo bo‘ladi. Ortiqcha ovqatlanish psixoterapevt tomonidan davolanishi kerak. Shifokor tashvishlarni kamaytiradigan, depressiv buzilishlarni bartaraf etadigan dori-darmonlarni buyuradi. Psixoterapiyaning turli usullari bu borada yordam beradi.

Genetik moyillik mavjudligi

Olimlar shirin ta’mga bo‘lgan ehtiyojni qisman genetik jihatga bog‘liqligini ham aniqladi: Unga ko‘ra, ma’lum bir xromosomalar shirinlikka bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi. Agar bu gen meros bo‘lib qolgan bo‘lsa, unda shokolad yoki shirinlik iste’mol qilish istagi ushbu xromosomalar bo‘lmagan odamlarga qaraganda yuqori bo‘ladi. Afsuski, muammoli gendan qutulib bo‘lmaydi. Ammo shirinliklarni kamroq iste’mol qilish uchun oddiy maslahatlarga amal qilish mumkin.

Manba
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi?
Matnni tanlang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing
Izohlar
Izohning minimal uzunligi 50 belgidan iborat. sharhlar moderatsiya qilinadi
Hozircha izohlar yo‘q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin!