Bosh sahifaGoʼzallikSochlarni qanday qilib uch-to‘rt kun davomida toza ko‘rinishda saqlash mumkin?

Sochlarni qanday qilib uch-to‘rt kun davomida toza ko‘rinishda saqlash mumkin?


Kechagina yuvilgan sochlar bir kun ham o‘tmay toza va porloq ko‘rinishini yo‘qotadi. Bu holat ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak. “Noviy ochag” nashri sochlarning uch-to‘rt kun mobaynida toza ko‘rinishini yo‘qotmasligiga yordam beradigan bir nechta tavsiyalar bilan bo‘lishdi.

Foto: “Noviy ochag”

Quruq shampun

Albatta, bu vosita soch ildizlarini yog‘dan to‘liq tozalay olmaydi, lekin sochda yuvilgandek ta’sirni yaratadi va bu butun kun davomida toza ko‘rinish bilan ta’minlaydi. Qolaversa, quruq shampun toza sochlarga xos hajmni qaytaradi. Yog‘li bosh terisi egalari uchun ushbu vosita har doim qo‘l kelishi shubhasiz.

Quruq shampunni ishlatish juda oson. Soch ma’lum qismlarga ajratiladi va ildiziga quruq shampun sepiladi. 5-7 daqiqa kutiladi va sochlar katta tishli yog‘och taroq bilan taraladi. Jarayon tugagandan so‘ng sochni qo‘llar yordamida tarab yuborish kerak.

Issiq suv va fen

Sochni bir necha kun davomida toza saqlash uchun ularni issiq emas, balki iliq yoki hatto sovuq suv bilan yuvish lozim. Haqiqat shundaki, yuqori harorat yog‘ bezlarining sekretsiyasini rag‘batlantiradi va yuvish ta’sirini yo‘qqa chiqaradi. Boshni sochiq bilan o‘rab yurish tavsiya etilmaydi — bu sochni tozalikdan mahrum qiladi. Faqat ularni toza mato bilan artib, tabiiy ravishda quritish kerak.

Sochni fen bilan quritish ham tavsiya etilmaydi. Agar busiz iloji bo‘lmasa, haroratni pasaytirish kerak, chunki issiq havo ham yog‘ bezlariga xuddi issiq suv kabi ta’sir qiladi.

Yostiq jildi

Kir bo‘lgan yostiq jildi soch turmagi hamda tozaligini yo‘qotishining asosiy sabablaridan biridir. Albatta, har kuni ularni o‘zgartirib bo‘lmaydi, lekin buni kamida 1-2 haftada bir marta bajarishga harakat qilish lozim. Toza yostiq jildi ham sochlarning yog‘ini o‘ziga singdirib oladi va sochlar uzoqroq vaqt davomida porloq ko‘rinishini yo‘qotmaydi.

Sochlarga teginish odati

Kun davomida sochlarga juda ham ko‘p teginish odati deyarli barchada mavjud. Ammo qo‘ldagi kir, mikrob va boshqa narsalar to‘g‘ridan to‘g‘ri sochlarga yopishadi va tolalarda faol ravishda ko‘payishni boshlaydi. Shuning uchun imkon qadar sochlarga ortiqcha tegmaslik tavsiya etiladi.

Taroq va cho‘tkalar

Agar muntazam foydalaniladigan taroqqa mikroskop bilan qaralsa, unda yig‘ilgan bakteriyalarni ko‘rib hayratda qolish hech gap emas. Eng yomoni, sochlarni tarash orqali barchasi tolalar orasida yopishib qolishidir. Shundan so‘ng soch qisqa muddat ichida o‘zining yuvilgan ko‘rinishini yo‘qotadi. Shuning uchun soch taroqlarini doimiy ravishda yuvib, toza saqlash kerak.

Qolaversa, yog‘och taroqlar yog‘ bezlarining sekretsiyasini o‘zlashtiradi, ammo plastik taroqlar ularni sirtda saqlaydi.

Yoqimsiz hid

Yuvilmagan sochlar nafaqat tartibsiz ko‘rinadi, balki yomon hidga ham ega bo‘ladi. Soch uchun maxsus sprey yordamida bu muammodan xalos bo‘lish mumkin. Soch spreylari yoqimli ifor bilan birga sochlarga porloq ko‘rinish ham beradi.  Shuningdek, limon sharbatini ildizlarga surtib, sochlarga yoqimli sitrus hidini berish ham mumkin.

To‘g‘ri turmaklash

Agar sochlar toza ko‘rinishini yo‘qotgan va yuvish uchun vaqt qolmagan bo‘lsa, nam sochlar ko‘rinishidagi soch turmagidan foydalanish mumkin. Turmaklovchi ko‘pigini butun uzunlik bo‘ylab yoyib, qismlarga ajratib, maxsus qurilma bilan quritish kerak. Nam ko‘rinishidagi jingalak sochlar sizni muammodan xalos etadi.

Manba
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi?
Matnni tanlang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing
Izohlar
Izohning minimal uzunligi 50 belgidan iborat. sharhlar moderatsiya qilinadi
Hozircha izohlar yo‘q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin!