Bosh sahifaSalomatlikKentavr koronavirusning avvalgi mutatsiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq – mutaxassis

Kentavr koronavirusning avvalgi mutatsiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq – mutaxassis


Shu kunlarda dunyoda pandemiyaning navbatdagi to‘lqini avj olgan. Bunga koronavirusning yangi mutatsiyalari keng tarqalishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Foto: Getty Images

Ammo kasallanish ko‘rsatkichlari hademay yanada oshishi mumkin. Chunki omikron shtammining BA.2.75 subvarianti kelgusida dominant pozitsiyani egallashi kutilyapti.

Mutaxassislar COVID-19 ning bu versiyasiga kentavr ham deb nom bergan. U ilk bor Hindistonda aniqlanganidan buyon qariyb ikki oy vaqt o‘tdi. Shu qisqa davrda virus AQSH, Germaniya, Kanada, Avstraliya, Niderlandiya, Daniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya kabi o‘nlab mamlakatlarga yoyilib ulgurdi.

Yaqinda esa ular safiga Rossiya ham qo‘shildi. Jami yetti nafar bemor kentavrni yuqtirgani tasdiqlandi.

Olimlarning qayd etishicha, mazkur mutatsiya turi omikronning avvalgi versiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq. Qolaversa, koronavirusdan tuzalgan insonlarda hosil bo‘ladigan immunitetga ham “chap berib” o‘tishga qodir.

Biroz taskin beradigan jihati esa kentavrni yuqtirgan bemorlarda xastalik nisbatan yengil kechmoqda. Shifoxonaga yotqizish holatlari juda kam.

BA.2.75 subvariantining belgilari omikronning boshqa shtammlari alomatlaridan deyarli farq qilmaydi. Isitma, yo‘tal, burun bitishi, bosh va mushaklar og‘rig‘i, holsizlik, kuchli terlash hamda limfa tugunlari yallig‘lanishi shular jumlasidan.

Bundan tashqari, bemorlarda diareya, ko‘ngil aynishi va qayt qilish kabi simptomlar ham kuzatilmoqda.

Kentavr, avvalo, yuqori nafas yo‘llariga ta’sir qiladi. Shu sababli bu subvariantni yuqtirganlar orasida pnevmoniya, ya’ni o‘pka yallig‘lanishidan aziyat chekayotgan soni ancha kam. Qolaversa, infeksiyaga chalinganlarda avvalgidek hid bilish qobiliyati yo‘qolishi kuzatilgani yo‘q.

Shunga qaramay, mutaxassislar xavf guruhiga mansub aholi qatlami, xususan, yoshi katta insonlar, surunkali kasalliklarga chalinganlar jamoat joylarida ehtiyotkorlikni kuchaytirib, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishlari zarur, degan fikrda.

Manba
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi?
Matnni tanlang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing
Izohlar
Izohning minimal uzunligi 50 belgidan iborat. sharhlar moderatsiya qilinadi
Hozircha izohlar yo‘q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin!